Ko'p beriladigan savollar

NIMA UCHUN 9 SINFINING BITIRUVCHILARI ASOSIY TA'LIM SERTIFIKATINING ASL NUSXASINI BERMAYDILAR VA FAQAT FOTONUSXASI YOKI ELEKTRON VERSIYASINI CHIQARADILAR? 11-SINF TUGAGANIDAN KEYIN SERTIFIKAT BERILADIMI?

   O'zbekistonda majburiy o'n bir yillik ta'lim joriy etilganligi va 9-sinf o'quvchilarining ko'pchiligi 10-sinfda o'qishni davom ettirishi sababli 9-sinf bitiruvchilarining sertifikatlari maktabda saqlanadi. Agar talaba 9-sinfni tamomlagandan so'ng akademik litseyga, kasb-hunar maktabiga o'qishga kirsa yoki yangi o'quv yurtidan ma'lumotnoma yoki Kupon asosida boshqa umumta'lim maktabiga o'tkazilsa, bu masala bo'yicha ota-onalar maktab direktoriga murojaat qilishlari mumkin. Majburiy o'n bir yillik ta'lim tugagandan so'ng, 11-sinf bitiruvchilariga sertifikat tantanali ravishda topshiriladi.

MAKTAB O'QUVCHILARIGA OLTIN MEDAL BERISH SHARTLARI QANDAY?

  O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 154-sonli qarori bilan umumiy o'rta ta'lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi tasdiqlangan.
  Unga ko'ra, oltin medal umumiy o'rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to'g'risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud bo'lgan, umumiy o'rta ta'lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar bo'yicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari a'lo bo'lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko'rsatgan bitiruvchilarga beriladi.
  Kumush medal umumiy o'rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to'g'risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud bo'lgan, umumiy o'rta ta'lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar bo'yicha yillik baholari a'lo bo'lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko'rsatgan bitiruvchilarga beriladi.

UMUMTA'LIM MAKTABLARINING 0,5 STAVKA SHTAT BIRLIGIDAGI RAHBARLARI (MA'NAVIY-MA'RIFIY HAMDA O'QUV-TARBIYA ISHLARI BO'YICHA DIREKTOR O'RINBOSARLARI) NECHA SOATGACHA DARS OLISHI MUMKIN VA ISH HAQI QAY TARTIBDA TO'LANADI?

  Umumta'lim muassasalari rahbar xodimlariga dars soatlarini ajratish me'yorlari Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to'lash to'g'risida nizom" asosida tartibga solingan. Ushbu Nizomning 14-bandiga ko'ra xalq ta'limi muassasasining rahbar xodimi tomonidan asosiy lavozimning bir haftada 10 soatgacha hajmda o'qituvchi lavozimi bilan qo'shib olib borilishiga (o'quv yuklamasi yuritilishiga) yo'l qo'yiladi hamda ular mehnatiga soatbay haq to'lanadi. Mehnatiga soatbay haq to'lash miqdorlari O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2019-yil 22-aprelda 3157-son bilan ro'yxatga olingan Qaror bilan tasdiqlangan "O'quv mashg'ulotlarini o'tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to'lash miqdorlari"ga ko'ra belgilanib, umumta'lim maktablari pedagog xodimlariga o'tgan darsi uchun soatbay haq to'lash miqdorlari tegishli bazaviy lavozim maoshlariga nisbatan 1,2 foizda hisoblab chiqariladi hamda uning tarkibiga mehnat ta'tili haqi kiritilgan.

MEN PEDAGOGIKA UNIVERSITETINING 3-BOSQICH TALABASIMAN. AYTINGCHI, MEN MAKTABDA DARS BERISHIM MUMKINMI?

  O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi "Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to'lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to'g'risida"gi 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to'lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to'g'risidagi Nizom"ning 8-bandiga ko'ra pedagoglik ishini amalga oshirish uchun oliy ta'lim muassasasining 4-bosqichida o'qiyotgan shaxslar qo'yilishi mumkin. Siz 3-bosqichida tahsil olayotganligingiz uchun umumta'lim muassasalarida o'qituvchi sifatida ishlashingiz mumkin emas.

MEN MAKTABDA PENSIYA YOSHIDAGI O'QITUVCHIMAN, O'QUV ISHLARI BO'YICHA DIREKTOR O'RINBOSARI AGAR ATTESTATSIYADAN O'TMASAM TOIFAM TUSHIRILISHINI AYTAYAPTI. AYTINGCHI, SHU TO'G'RIMI?

  Yo'q, noto'g'ri. Maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari ta'lim muassasalarining pensiya yoshida bo'lgan pedagog kadrlari attestatsiyaga o'z xohishiga ko'ra jalb etiladi. Mazkur tartib O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-sonli "Maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida" gi Qaroriga ilova bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bandida belgilab qo'yilgan. Attestatsiyaga jalb etilmagan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari va lavozimlari ta'lim muassasalarida ishlagan davrida saqlanib qolinadi.

KEYINGI YIL NOYABR OYIDA FARZANDIM 7 YOSHGA TO'LADI, UNI 1-SINFGA BERSAM BO'LADIMI?

  O'zbekiston Respublikasi "Ta'lim to'g'risida"gi yangi tahrirdagi Qonunning (https://lex.uz/docs/5013007) (2020-yil 23-sentyabr) 9-moddasida: "Umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to'ladigan yilda qabul qilinadi" deb belgilab qo'yilgan. Masalan, kelgusi 2021/2022 o'quv yilida 1-sinfga chiqadigan bolalar 2021-yilning 31-dekabriga qadar yetti yoshga to'ladigan bo'lishi, ya'ni 2014-yilning 31-dekabr kuniga qadar tug'ilgan bo'lishlari lozim. Shu o'rinda, ota-onalarga farzandlarini maktabga sifatli tayyorlash maqsadida maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimida 6 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan bolalarni boshlang'ich ta'limga bir yillik majburiy tayyorlash tizimi joriy etilishini eslatib o'tamiz.

BIZNING MAKTABDA DIREKTOR HAR BIR O'QITUVCHIDAN VIDEODARSLAR TAYYORLASHNI TALAB QILMOQDA. USHBU TALAB TO'G'RIMI?

   O'qituvchilarga onlayn video olish bo'yicha Xalq ta'limi vazirligi tomonidan hech qanday talab qo'yilmagan. Onlayn maktab loyihasi telekanallar orqali maktab dasturi bo'yicha har kun efirga berib borilyapti. Mazkur jarayonga 117 nafar pedagog jalb qilingan.

FARZANDIM BU YIL MAKTABGA CHIQDI, UNI MAKTABGA MOBIL TELEFON BILAN YUBORSAM BO'LADIMI?

  Yuborishingiz mumkin. Faqat O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq ta'lim muassasasiga kirib kelishda har bir o'quvchi o'z telefoni chaqiruv ovozini to'liq o'chirib qo'yishi shart. Bunda o'quvchilarga maktabda telefonini bo'yniga osib olish, ko'krak cho'ntaklarida, shim, yubkalari cho'ntaklarida saqlash, telefon yordamida atrofdagilarga zo'ravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targ'ib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish, ta'lim muassasasida surat va videolar olib, keyinchalik tarqatish taqiqlanadi. Shuningdek dars vaqtida: telefon orqali so'zlashish hamda SMS va boshqa turdagi xabarlarni jo'natish; telefonni stol ustiga qo'yish; musiqa tinglash; surat va video tasvirlarni ko'rsatishda telefondan foydalanish, tasvirlar ko'rish, diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yon daftarcha va boshqa xizmatlaridan foydalanish mumkin emas. O'quvchilarga tanaffuslarda faqat asosli va kechiktirib bo'lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi (ularning o'rnini bosuvchilar), yaqin qarindoshlari, ta'lim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bog'lanish maqsadida telefonlardan foydalanishga ruxsat etiladi.

O'QITUVCHILAR TIBBIY KO'RIKDAN O'TISH UCHUN PUL TO'LAYDILARMI?

   Mehnat kodeksiga muvofiq ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog'ida dastlabki tarzda va keyinchalik vaqti-vaqti bilan umumta'lim maktablari, maktabgacha tarbiya va boshqa muassasalarning bevosita bolalarga ta'lim yoki tarbiya berish bilan mashg'ul bo'lgan pedagog va boshqa xodimlarini tibbiy ko'rikdan o'tkazishni tashkil qilishi shart. Xodimlar tibbiy ko'riklardan o'tishdan bo'yin tovlashga haqli emas. Tibbiy ko'rikdan o'tish munosabati bilan xodimdan pul undirilmaydi, shuningdek tibbiy ko'riklarni o'tkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va o'rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

UMUMIY O'RTA TA'LIM MAKTABLARIDA BOSHLANG'ICH SINF O'QITUVCHISI QAYSI FANLARDAN DARS BERISHI MUMKIN?

   Umumiy o'rta ta'lim muassasalarining boshlang'ich sinf o'qituvchisi diplomida "Boshlang'ich sinf o'qituvchisi", "Boshlang'ich ta'lim va tarbiyaviy ishlar metodikasi", "Boshlang'ich ta'lim va tarbiyaviy ish", "Pedagogika va boshlang'ich sinflar o'qituvchisi" kabi ixtisosliklardan biri berilgan bo'lsa, ular umumiy o'rta ta'lim muassasalarining boshlang'ich sinflarida "ona tili", "o'qish", "tarbiya", "matematika", "atrofimizdagi olam", "tabiatshunoslik", "tasviriy san'at", "texnologiya" fanlaridan dars berishi mumkin. Shuningdek, boshlang'ich sinf o'qituvchisining diplomida "Boshlang'ich ta'lim va sport-tarbiyaviy ish" ixtisosligi berilgan bo'lsa, ular umumiy o'rta ta'lim muassasalarining boshlang'ich sinflarida "ona tili", "o'qish", "tarbiya", "matematika", "atrofimizdagi olam", "tabiatshunoslik", "tasviriy san'at", "texnologiya", "jismoniy tarbiya" fanlaridan dars berishi mumkin. Shu sababli, boshlang'ich sinf o'qituvchisining tarif stavkasi ushbu fanlar hisobidan to'ldirilishi mumkin.

MAGISTRATURANI BITIRGAN MUTAXASSIS MAKTABGA ISHGA QABUL QILINSA, UNGA NECHANCHI TOIFA BERILADI?

   Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomga muvofiq magistr darajasiga ega mutaxassislarga, shuningdek oliy ma'lumot darajasi bo'yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma'lumotli pedagog kadrlarga - ikkinchi malaka toifasi yoki katta o'qituvchi lavozimi beriladi.

MAKTABLARDA TELEFON VOSITALARIDAN FOYDALANISH TARTIBI QANDAY?

   Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2012-yil 21-mayda "O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to'g'risida"gi qarori qabul qilingan. Mazkur qaror asosida Xalq ta'limi vazirligining tegishli buyrug'i ishlab chiqilgan. mazkur hujjatlar ta'lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibini belgilaydi hamda o'quvchilarning sifatli ta'lim olish, davlat va jamiyat manfaatlari yo'lida o'quvchi yoshlarning sog'lig'ini saqlashda xavf-xatarlarni kamaytirish, ta'lim olishga bo'lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlashga yo'naltirilgan. Unga ko'ra, Ta'lim muassasasiga kirib kelishda har bir o'quvchi, o'qituvchilar va boshqa shaxslar uyali aloqa vositasini to'liq o'chirib qo'yishi shart. Telefon faqat maxsus g'iloflarda, sumka va portfellarda olib yurilishi kerak. Ta'lim oluvchilarga telefon vositalarni bo'yinga osib yurish, shim va yubka cho'ntaklarida olib yurish, dars vaqtida esa ulardan foydalanishi qat'iyan taqiqlanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish