Sayt test rejimida ishlamoqda

Boshqarma yangiliklari

Ota-onalarning yangi o‘quv yilidan yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qo‘yilmaydi

27-07-2022
image

Assalomu alaykum hurmatli ustozlar, aziz ota-onalar va qadrli yurtdoshlar.

So‘nggi yillarda yurtimizda, Hurmatli Prezidentimizning bevosita rahbarliklarida taʼlim tizimida keng islohotlar olib borilmoqda. Milliy dastur asosida yangi maktablar qurilmoqda, yangi o‘quv dasturlari, ular asosida zamonaviy darsliklar yaratilmoqda, muallimlarimizning malakasi hozirgi talablar asosida oshirilmoqda.

Bu ishlarning barchasi taʼlimdagi muammolarni bartaraf etib, uning sifatini yangi darajaga olib chiqishga va natijada dunyo yangiliklarini tez qabul qiladigan, kezi kelganda tengma-teng bahslasha oladigan yangi avlodni tarbiyalashga qaratilgan.

Maktabda yoshlarimizga taʼlim berish bilan bir qatorda, ularni har tomonlama tarbiya qilish ham bugungi dolzarb masalalardan biridir. Zero, har bir bola maktab yoshida harakatlari orqali o‘z individualligini namoyish etishga intiladi. Lekin maktab quchog‘ida o‘quvchi o‘zligini faqat bilimi va odobi bilan ko‘rsatishi zarur.

Aks holda boshqalardan ajralib turishga intilish, kiyinishdagi o‘ziga xoslik natijasida kim o‘zarga o‘tib ketishi va bu omil o‘quvchining bilim olishiga keskin salbiy taʼsir ko‘rsatishi olimlar tomonidan ilmiy jihatdan isbotlangan.

Shundan kelib chiqib, maktab formasi qator rivojlangan mamlakatlarda ham joriy etilganini qayd etish zarur.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 maydagi 271-son qaroriga asosan yangi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etish belgilangan.

Bundan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, ijtimoiy tenglikni taʼminlashdan iborat.

Aytish joizki, maktab formasi masalasida bir kunda qaror qabul qilingani yo‘q. Bunga uzoq muddatli o‘rganish va tahlillar, xususan, 2018 yildan boshlab ko‘plab maktablarda o‘tkazilgan tajriba-sinov jarayonlari asos bo‘lgan.

Maktab formasi dizayni bir necha variantlar orasidan tanlanib, sanitariya qoidalari va gigiyena normativlariga mosligi bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari uchun belgilangan sifat talablariga muvofiqligi qatʼiy nazoratga olingan.

So‘nggi kunlarda keng jamoatchilik tomonidan maktab o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etilishi muhokama bo‘lmoqda va turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Barchamizga maʼlumki, inson qadrini ulug‘lash, ochiqlik tamoyili Yangi O‘zbekistonning bosh maqsadi hisoblanadi.

Shu bois hurmatli ota-onalarimizning va keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, takliflari asosida quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Birinchidan, moslashuv jarayoni uchun maʼlum vaqt kerakligini inobatga olib, yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.

Yaʼni, yangi o‘quv yili 2022 yil sentyabr oyidan boshlab ota-onalar yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qo‘yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday eʼtirozlar bildirilmaydi.

Ikkinchidan, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, o‘quvchi-qizlarimizning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari maʼn etilmaydi.

Uchinchidan, o‘quvchi-qizlarning liboslari, yaʼni yubka va kofta yenglarining uzunligi borasida ham ayrim tushunmovchiliklar bo‘lmoqda.

Taʼkidlash joiz, tasdiqlangan o‘lchamlarda eng minimal uzunlik belgilangan. Yaʼni o‘quvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o‘lchamdan kalta bo‘lishi mumkin emas.

To‘rtinchidan, mahalliy hokimliklar tomonidan kam taʼminlangan oilalarga mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga ko‘mak beriladi.

Shuningdek, ota-onalarimizga alohida taʼkidlab o‘tmoqchi edim, maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo‘yicha maktab maʼmuriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.

Xalq taʼlimi vazirligi ota-onalar va o‘quvchilarning maktab formasi dizayni va sifati bo‘yicha har qanday takliflarini ko‘rib chiqishga va birgalikda yagona forma dizaynlarini takomillashtirib borishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi.

Shu bilan birga hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda joriy o‘quv yilidan boshlab o‘qituvchilar uchun ham yagona forma joriy etilayotganligi haqida hech qanday asosga ega bo‘lmagan maʼlumotlar tarqalmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan o‘qituvchilar uchun bunday talab joriy etilmaganligini, bu oddiy “feyk” xabar ekanligini qatʼiy taʼkidlab o‘tmoqchiman.

O‘z navbatida, Vazirlik tomonidan tez orada Matbuot anjumani tashkil etilishi, unda xalq taʼlimi tizimidagi islohotlar va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berilishi rejalashtirilgan hamda mazkur tadbirda barcha masalalar, xususan maktab formasi bo‘yicha atroflicha axborot beriladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish