Sayt test rejimida ishlamoqda

Boshqarma yangiliklari

Xalq taʼlimi vaziri Toshkent viloyatining poytaxtga chegaradosh maktablari faoliyatini tanqidiy tahlil qildi

30-04-2021
image

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Toshkent viloyatining poytaxtga chegaradosh hududida joylashgan maktablar faoliyatini oʼrgandi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda Toshkent viloyatiga tashrifi chogʼida bergan topshiriqlariga muvofiq, poytaxtga chegaradosh hududlardagi maktablarda taʼlim sifatini oshirish orqali oʼquvchilarning bir necha kilometr uzoqlikdagi shahar maktabiga borib oʼqish muammosi xal etilishi bilan birga Toshkent shahri maktablarida oʼquvchilar sonining keskin oshib ketishi oldi olinadi.

Vazirlik ishchi guruhi Zangiota tumanidagi 35 va 6-sonli “toʼq qizil” maktablarda boʼlib, pedagogik jamoa bilan suhbatlashdi.

35-sonli maktab oʼtgan yili mukammal taʼmirdan chiqarilgan, barcha sharoitlar yaratilgan, zamonaviy kompyuter sinfiga ega, oʼquvchilar bir navbatda taʼlim oladi, lekin taʼlim sifati koʼrsatkichlari past, oʼtgan oʼquv yilida birorta ham bitiruvchisi oliy taʼlim muassasasiga kira olmagan, mahoratli pedagoglar, oliy toifali oʼqituvchilar yetarli emas. Shu bois, maktab maʼumuriyati toʼliq yangilanib, yaqinda maktab direktori va uning oʼrinbosarlari almashtirilgan.

Shuningdek, tumandagi 6-sonli maktabda ham sharoitlar yetarli, lekin taʼlim sifati koʼrsatkichlari boʼyicha natijalari qoniqarsiz.

Har ikkala maktabda ham ikkinchi navbatda xonalar boʼsh boʼlishiga qaramasdan, darsdan keyingi vaqtlarda oʼquvchilar bandligini taʼminlash ishlari, toʼgaraklar faoliyati yoʼlga qoʼyilmagan, informatika xonasi, kutubxonalardan foydalanilmaydi.

Pedagogik jamoa bilan suxbat jarayonida har bir oʼqituvchi oʼz ishiga masʼuliyat bilan yondoshib, sifatli taʼlim bermasa, bitiruvchilarning muvaffaqiyati, oliy maʼlumotli boʼlishi yoki biror-bir kasb-hunarga yoʼnaltirmasa, ijobiy oʼzgarish boʼlmasligi haqida ogohlantirildi.

Shuningdek, Yangiyoʼl tumanining chekka hududlaridan birida “Xoʼjaobod” mahallasida joylashgan 32-sonli maktabga kelgusi yilda qoʼshimcha oʼquv binosi qurish boʼyicha Investitsiya dasturiga kiritish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berildi.

Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish